Our Top Course

Oliy taʼlimda sifatni taʼminlashga bagʻishlangan forum boʻlib oʻtdi

31-mart kuni Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan Jahon banki guruhi Xalqaro rivojlantirish assotsiatsiyasi ishtirokida “Oliy taʼlimni modernizatsiya qilish” loyihasi doirasida forum oʻtkazildi.

Jahon banki guruhi Xalqaro rivojlantirish assotsiatsiyasi ishtirokida “Oliy taʼlimni modernizatsiya qilish” loyihasi doirasida “Oliy taʼlimda sifatni taʼminlash tizimini takomillashtirish” mavzusiga bagʻishlangan forumida 220 dan ortiq oliy taʼlim muassasalari oʻquv ishlari boʻyicha prorektorlari va taʼlim sifatini nazorat boʻlimi boshliqlari ishtirok etdilar.

Forumni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirining birinchi oʻrinbosari Komiljon Karimov ochib berdi.

– Soʻnggi yillardagi oliy taʼlim sifatiga boʻlayotgan islohotlar tufayli respublikamizda oliy taʼlim qamrovi 38 foizga yetdi, talabalar soni 4 baravarga oshdi, – dedi K. Karimov. – Buni gapirish oson, ammo raqamlarning ortida 100 minglab yoshlarning hayoti kelajagi turibdi. Jahon Banki bilan hamkorlikda amalga oshirilgan loyiha doirasida oliy taʼlim sifatini taʼminlash boʻyicha Tashqi taʼlim sifatini nazorat qilish hamda Ichki taʼlim sifatini taʼminlashga qaratilgan ishlar amalga oshirildi. Mazkur loyiha natijalari oliy taʼlimdagi sifatni yangi bosqichga koʻtarishga, oliy taʼlim muassasalari tomonidan iqtisodiyotimiz uchun zarur yetuk mutaxassislarni yetkazib berilishiga xizmat qiladi.

Oliy va professional taʼlim boʻyicha xalqaro ekspert-maslahatchi prof. Bastian Bauman hamda Shbeemann Consulting Company eksperti Akim Emurli «Yevropa oliy taʼlim sifatini taʼminlash boʻyicha standartlar va koʻrsatmalar (Standards and Guidelines for Quality Assurance in the European Higher Education)» asosida oliy taʼlim muassasalarida ichki va tashqi sifatni taʼminlash boʻyicha amalga oshirilgan ishlar va erishilgan natijalar boʻyicha hisobot maʼruzalari bilan qatnashdilar.

– Dastlabki bosqich natijalariga koʻra tanlab olingan 6 ta oliy taʼlim muassasasida oʻtkazilgan treninglar, mahorat darslari, individual sessiyalar natijasida, jahon tajribasiga asoslangan holda ichki sifatga taalluqli koʻplab ishlar qilinib, mazkur oliy taʼlim muassasalarini xalqaro akkreditatsiya olishga tayyorladik, – dedi Bastian Bauman.

 

Anjumanda xalqaro standartlar asosida Oʻzbekiston oliy taʼlim muassasalarida sifatni taʼminlash, oliy taʼlim muassasalari faoliyatini transformatsiya qilish hamda xalqaro akkreditatsiyadan oʻtkazish masalalari muhokama qilindi. Ishtirokchilarga oliy taʼlim muassasalarida ichki va tashqi sifatni taʼminlash, ular faoliyatini transformatsiya qilish, oliy taʼlim muassasalarini xalqaro institutsional akkreditatsiyadan oʻtkazish hamda taʼlim dasturini xalqaro akkreditatsiyadan oʻtkazish boʻyicha amaliy maʼlumotlar berildi.

Forum ikki seksiyadan iborat boʻlib, birinchi qismi Jahon banki loyihasining xalqaro ekspertlari tomonidan loyiha doirasida amalga oshirilgan ishlar va erishilgan natijalar, xususan xalqaro standartlarga asosan oliy taʼlim muassasalarida taʼlim sifatini oshirish orqali xalqaro akkreditatsiyadan oʻtish masalalariga bagʻishlandi. Ikkinchi qismi, loyiha doirasida Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari milliy tadqiqot universiteti hamda Samarqand davlat chet tillari instituti tajribalari asosida amalga oshirilgan ishlar va erishilgan natijalar boʻyicha hisobot taqdimotlari boʻlib oʻtdi.