Our Top Course

Shveysariyaning professional taʼlim tizimi o’rganilmoqda

Ayni kunlarda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Madaniyat va turizm vazirligi vakillaridan iborat Oʻzbekiston delegatsiyasi Shveysariyaning professional taʼlim tizimi bilan tanishish maqsadida xizmat safarida boʻlib turibdi. 

Xizmat safarining birinchi kunida Shveysariya taʼlim, tadqiqot va innovatsiyalar davlat kotibiyati (SERI) hamda Shveysariya professional taʼlim va malaka oshirish federal universitetida (SFUVET) uchrashuvlar oʻtkazildi.

Muloqot davomida Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Pedagogik innovatsiyalar instituti hamda Shveysariya professional taʼlim va malaka oshirish federal universitetining oʻzaro hamkorlik masalalari muhokama qilinib, professional taʼlim tizimi xodimlari uchun malaka oshirish kurslarini tashkil etish boʻyicha kelishuvga erishildi.

Shuningdek, Shveysariyaning taʼlim, tadqiqot va innovatsion ustuvorliklari, professional taʼlim tizimining asosiy elementlari bilan yaqindan tanishildi.

28-mart kuni Oʻzbekiston vakillari sogʻliqni saqlash sohasidagi kompaniyalararo kurslarda tibbiyot yoʻnalishidagi professional taʼlim muassasalari oʻquvchilarining amaliyot oʻtash jarayonlari bilan tanishdi.

Hotelleriye Suisse mehmonxonalar uyushmasida tashkil etilgan uchrashuvda mehmonxona xoʻjaligida oʻrta boʻgʻin kadrlar bilan birga oliy maʼlumotli mutaxassislarni tayyorlash tajribasi oʻrganildi.

Keyingi kun Lozanna shahridagi Turizm va mehmonxona xoʻjaligi (EHL) maktabiga amalga oshirilgan tashrif davomida Oʻzbekistonda turizm va mehmonxona yoʻnalishida oʻrta boʻgʻin kadrlar tayyorlashda hamkorlikni yoʻlga qoʻyish masalalari muhokama qilindi.

Xususan, Turizm va mehmonxona xoʻjaligi maktabi rahbariyati maktab taʼlim dasturlarini Oʻzbekiston turizm yoʻnalishidagi professional taʼlim muassasalarida joriy etishga tayyor ekanligini va bu borada tegishli mutaxassislarni jalb etishini taʼkidladi.

Shu bilan birga, delegatsiya oldida Tun shahridagi BIZ proforiyentatsiya markazining umumtaʼlim maktab oʻquvchilari va kattalarni kasbga qiziqtirish boʻyicha amaliy tajribalari bilan tanishish, professional taʼlim tizimida xususiy sektor hamkorligida oʻrta boʻgʻin kadrlarni tayyorlash yuzasidan ilgʻor tajribalarni Oʻzbekistonda tatbiq etish kabi ustuvor vazifalar turibdi.

Maʼlumot oʻrnida, Shveysariyada 15 yoshga toʻlgan va majburiy taʼlimni tugatgan oʻquvchilar kasb oʻrganish yoki oliy taʼlim olish imkoniyatiga ega boʻladi. Taʼlim xarajatlari toʻliq davlat tomonidan qoplanadi.

Professional taʼlim 2 qismdan iborat boʻlib, 2 yil davomida kasbga oʻqitilgan oʻquvchilarga davlat namunasidagi sertifikat yoki 3-4 yil davomida oʻqib kasb egallagan oʻquvchilarga davlat namunasidagi diplom beriladi.

Shuningdek, yoshlar taʼlim olish uchun oliy taʼlim kollejlarida va akademik taʼlim olish uchun universitetlarda oʻqishni davom ettirish imkoniyatiga ega.

Professional taʼlimda oʻquvchilar 240 dan ortiq kasbga dual taʼlim shaklida oʻqitiladi. Ushbu koʻrsatkich taʼlim tizimining 91 foizini tashkil etadi.